17:37 / 15.05.2024
22922

SOS: Toshkent daraxtlariga yangi xavf paydo bo‘ldi

Katta daraxtlar kasallanib, ayrimlari tepa qismidan qurib kelishni boshlayapti. Dendrolog olimaning fikricha, shahar hokimligi, Ekologiya va Qishloq xo‘jaligi vazirliklari mutaxassislari guruh tuzib, zudlik bilan daraxtlarni asrab qolish chorasini ko‘rmasa, poytaxtliklar sekin-asta daraxtlardan ajralib boradi.

3 may kuni Chilonzor tumanida ko‘p yillik daraxtning qulashi oqibatida bir yoshli qizaloq vafot etdi. Bunday daraxtlar shaharning boshqa qismlarida ham uchrayapti. Biroq qurigan daraxtlarni kesib olish, kasallanayotgan daraxtlarni dorilash ishlariga negadir hech kim bosh qo‘shmayapti.

Toshkentdagi daraxtlar kasallanyaptimi?

Toshkent shahrida kasallangan daraxtlar ko‘payishni boshlaganini aytyapti Botanika bog‘i dendrologi Atirgul Xolmirzayeva. Uning aytishicha, shaharda oldin uchramagan hasharotlar daraxtlarga hujum qilyapti. 

Shira kasalligi, shahar mo‘ylovdori, po‘stloqxo‘r degan hasharotlar daraxtlarga zarar yetkazyapti. Bular oldin shaharda yo‘q edi. Turli xil yog‘ochlar bilan qo‘shilib kelib, sekin-sekin shahar bo‘ylab tarqalishni boshlagan”, – dedi Xolmirzayeva Kun.uz bilan suhbatda.

Mutaxassis hasharotlar daraxtga kirib olgach, uning shoxlari qurishni boshlashi, keyinchalik esa ichi po‘kakka aylanib qolishini aytdi.

Po‘stloqxo‘r daraxt tanasi va po‘stlog‘i orasiga o‘rnashib oladi daraxt ichiga kirib olgandan keyin chiqmasdan daraxtni yeb tashlaydi. Natijada daraxt quriy boshlaydi. Shahar mo‘ylovdori esa teraklarda ko‘p bo‘lar edi. Hozir teraklar kamayib ketgani uchun yog‘ochi yumshoq chinor, eman daraxtlariga kirib olyapti”, – deydi dendrolog.

“Po‘sti o‘yilgan daraxt hasharotlarni ko‘proq jalb qiladi”

Atirgul Xolmirzayeva daraxtlarga hasharot kirib olishiga yoshlar ham sababchi ekanini aytib, ulardan daraxtlar po‘stlog‘ini o‘ymaslikni iltimos qildi.

Ya’ni daraxt po‘stlog‘i qattiq bo‘lgani uchun, unga hasharot kirishi qiyin, lekin uni odamlar o‘yib ismini yozayotgani po‘stloqxo‘rlarga yordam bo‘ladi. Ular endi daraxt po‘stlog‘idan kiradigan joy topishga harakat qilmay, tayyor ochiq joydan kirib olaveradi.

Bog‘ga ko‘pincha yoshlar keladi. Katta daraxtlar po‘stlog‘ini o‘yib sevgisini izhor qiladi. Sevsang, o‘ziga ayt, peshonangga yoz, xat yoz. Chunki daraxtning ochilgan joyini ko‘rib shahar mo‘ylovdori xursand bo‘lib ketadi. Darrov kirib oladi. Iltimos, daraxtlarni o‘ymang, bu ularning kasallanishiga sabab bo‘ladi”, – deydi dendrolog.

Shahardagi kasallangan daraxtlar

Kun.uz muxbiri Atirgul Xolmirzayeva bilan shaharning turli nuqtalaridagi qurigan, kasallangan daraxtlar joylashgan nuqtalarda bo‘ldi. Shunday lokatsiyalardan biri Yunusobod tumani Zarafshon ko‘chasida joylashgan Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri ro‘parasi.

Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri ro‘parasi
Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri ro‘parasi
Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri ro‘parasi
Alisher Navoiy nomidagi opera va balet teatri ro‘parasi

Bu yerda 2 ta qurigan daraxt bor. Bu haqda sal oldinroq ijtimoiy tarmoqlarda ham xabarlar tarqalgan edi. Bundan tashqari, teatrning orqa tomonida ham bir nechta qurigan daraxtlarni ko‘rish mumkin.

Shuningdek, Shayxontohur tumani Afrosiyob ko‘chasidan oqib o‘tgan anhor bo‘yida ham yashilga burkangan daraxtlar orasida qurib qolgan daraxtlar topiladi. Eng yomoni bu hududdagi ayrim daraxtlarga qurt tushib, kasallanishni boshlagan.

Shayxontohur tumani Afrosiyob ko‘chasi
Shayxontohur tumani Afrosiyob ko‘chasi
Shayxontohur tumani Afrosiyob ko‘chasi
Shayxontohur tumani Afrosiyob ko‘chasi

Qurigan daraxtlarni milliy bog‘ hududida ham ko‘rish mumkin.

Milliy bog‘

Tasvirlar shaharning ayrim hududlaridan olingan. Aslida bunday daraxtlarni shaharning boshqa joylarida ham uchratish mumkin.

Kasallangan daraxt belgilari qanday?

Mutaxassis shahardagi asosan eman, chinor, qayrag‘och, teraklar ichida po‘stloqxo‘r, bargxo‘r shahar mo‘ylovdori o‘rnashib olganini va buni qanday bilish mumkinligi haqida ma’lumot berdi.

“Bargxo‘ri bor daraxt barglarining hammasi ilma-teshik bo‘lib ketadi. Dokaga o‘xshab qoladi. Bargxo‘r ko‘pincha qayrag‘ochga tushadi. Archa qurti archalarga tushib, ichini ochsangiz, oppoq paxtadek bo‘lib qoladi. Daraxtda ilma-teshik joylar bo‘lsa, bu – shahar mo‘ylovdori borligining belgisi. Po‘stloqxo‘r esa po‘stloqni ochib yuborganingizda, katta katta bo‘lib ko‘rinib turadi”, – deb tushuntirdi Botanika bog‘i mutaxassisi.

Hasharotlardan tashqari asfalt mashinalar ko‘paygani ham daraxtlarning kasallanishiga sabab bo‘layotganini aytadi Xolmirzayeva. Mashinalardan chiqadigan kanserogen gazlar daraxtlarga o‘tirib, ularning nafas olishini qiynab qo‘ymoqda. 

Daraxtlarni tagiga plita qo‘yib tashlanyapti. Daraxt ildizi uning tanasi shoxlagan joyigacha uzaygan bo‘ladi. Shu joyi ochiq qoldirishi kerak. Qor-yomg‘irda ular tabiiy to‘yinishi kerak. Biz esa hamma joyni betonlab tashlaymiz. Oxirgi paytda shahardagi daraxtlarga uncha qaralmay qo‘ydi. Archa qurdik, archa qurti ham ko‘paya boshladi. Bundan tashqari 2022 yilda sovuq urgan daraxtlar bor. Ular haliyam shaharda turibdi. Qurigan daraxt turmasligi kerak, chunki u kasallangan bo‘lsa, boshqa daraxtlarga ham yuqtiradi”, – dedi Xolmirzayeva.

Nima qilish kerak?

Atirgul Xolmirzayeva shahardagi daraxtlar bundan 30 yil oldin doimiy dorilab turilgani, har bir tumanda o‘simliklarga qaraydigan brigadalar bo‘lganini aytadi.

Ilgari shaharning har bir tumanida o‘simliklar himoya qilish brigadasi bo‘lar edi. Ularning o‘z mashinasi va entomolog mutaxassislari bo‘lardi. Ular kelib shaharning qaysi o‘simlik daraxtida kasallanish bo‘lsa, o‘rganar edi. Daraxtga qancha dori berish kerak, qancha suv quyish kerakligini bilishardi. Mashinasida katta bosim bilan tepasigacha sochib, daraxtga ishlov berilardi. Hozir unaqa brigada yo‘q. Faqat karantinga aytishadi, unga katta pul to‘lanishi kerak”, – dedi u.

Dendrolog poytaxtda zudlik bilan tezkor guruh tuzib chiqib, kasallangan daraxtlarni aniqlab, ularni dorilash yo‘lini topish kerakligini alohida ta’kidladi. Bunda Ekologiya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi jonbozlik ko‘rsatishi kerak. Aks holda Toshkent azim daraxtlaridan ajralib qolishi hech gap emas.

Zuhra Abduhalimova,
jurnalist

Top